Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni o‘rganish, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish hamda samarali yechimlar ishlab chiqish maqsadida ilmiy kuzatuvlar olib borilmoqda.

Jumladan, ISMITI Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari tomonidan tumanlarda fermer xo‘jaliklari ishtirokida “Ichki xo‘jalik kanallarida suv hisobini yuritish uchun gidropost qurish tartibi” mavzusida dala seminarlari tashkil etildi.
Dastlabki seminar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegayli tumanida joylashgan Juzimboq OFI hududidagi “Kayip mayshi” fermer xo‘jaligining ichki kanalida o‘tkazildi. Unda suv xo‘jaligi tashkilotlari va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida ishtirokchilarga fermer ichki kanallarida suv hisobini yuritish uchun “o‘zgarmas o‘zan” tipidagi gidropost qurish bo‘yicha asosiy talab va shartlar atroflicha tushuntirildi. Xususan, gidropost qurish uchun joy tanlashda kanal nishabligi, suv osti va usti o‘simliklarining mavjudligi, kanal uchastkasi va gidropost stvori tanlash, qurilishga tayyorgarlik ishlari, suv o‘lchash vositalarini tanlash hamda ularni o‘rnatish masalalari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Seminarda ISMITI Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S. Kurbanbayev, shuningdek, markaz olimlari O. Karimova va G. Aminovalar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.
Mazkur mavzudagi amaliy tadbirlar Chimboy tumanida ham davom ettirildi. Xususan, “Tazkara” OFI hududida joylashgan “Rayma” fermer xo‘jaligining “Ulken jadik” ichki kanalida o‘tkazilgan seminarda suv tanqisligi sharoitida suv hisobini samarali tashkil etish, suvni tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishtirokchilarga yetkazildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga ichki kanallarda suv hisobini yuritish uchun gidropost qurish talablari bo‘yicha ISMITI va uning Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari tomonidan tayyorlangan qo‘llanmalar tarqatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati