Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ullari ishtirokida Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Qiziljar” nasos stansiyasida elektr energiyasidan samarali foydalanish va uni tejash, nasos agregatlarini ta’mirlash hamda vegetatsiya mavsumida ko‘chat ekish uchun yer maydonlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminar ishiga Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Qujanov rahbarlik qildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilinib, elektr energiyasini tejash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, nasos stansiyalarini suv limitlariga muvofiq ishlatish, agregatlarni o‘z vaqtida ta’mirlash hamda zamonaviy energiya tejamkor uskunalardan samarali foydalanish yuzasidan mas’ul xodimlarga atroflicha tushuntirishlar berildi.
Seminarda Hukumat topshiriqlari ijrosi doirasida boshqarma tizimida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, eski rusumli nasos agregatlari o‘rniga soatiga 55 kVt elektr energiyasi sarflaydigan K500-7 rusumli zamonaviy energiya tejamkor nasos agregatlari o‘rnatilayotgani keltirib o‘tildi. Jumladan, Mo‘ynoq tumanida 11 dona K500-7 rusumli nasos agregati to‘liq o‘rnatilib, bu orqali yiliga 1,533 mln kVt·soat elektr energiyasini tejash imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi.

Tadbir davomida energetika bo‘limi uchastka boshlig‘i Q.Aliyev amalga oshirilgan energiya tejamkorlik tadbirlari natijalari haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, 4 dona nasos, 11 dona elektr dvigateli va 21 dona kondensator o‘rnatilishi hisobiga yiliga o‘rtacha 439,141 ming kVt·soat elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.
Shuningdek, nasos stansiyalari hududida tashkil etilgan yordamchi xo‘jaliklar faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. “Qo‘ng‘irot–Mo‘ynoq” bo‘limi boshlig‘i X.Maxalov tomonidan nasos stansiyasi hududidagi 20 sotix yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilayotgani va ular ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida tarqatilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida Mustaqilligimizning 35 yilligini «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» bosh g‘oyasi asosida munosib nishonlash, ushbu g‘oyani mehnat jamoalari o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Tadbir yakunida nasos stansiyalari himoya zonalaridagi yer maydonlaridan samarali foydalanish, yangi ko‘chatlar ekish, hududlarni yanada obodonlashtirish hamda ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati