Respublikamizda suv fondi yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-74-son farmoni, hamda 660-son qaror va 441-son qaror asosida davlatga tegishli suv obyektlari va suv fondi yer maydonlaridan samarali foydalanish, ularni tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga berish tartiblari amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida yaqinda Namangan viloyatida Respublika ko‘rgazmali-amaliy seminari bo‘lib o‘tgan edi. Unda barcha hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari ishtirok etib, suv fondi yer maydonlaridan samarali foydalanish, ularni yuqoridagi qarorlar asosida “E-auksion” platformasi orqali ijaraga berish tartiblari atroflicha muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida hududdagi barcha tizim tashkilotlari mas’ullari ishtirokida yuqorida keltirilgan ilg‘or tajriba asosida o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda videokonferensaloqa orqali respublika darajasidagi mas’ullar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov, tizim tashkilotlari rahbarliri ishtirok etdi.

Seminar avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Tajetdin Madireymov so‘zga chiqib, suv xo‘jaligi obyektlarini auksion orqali ijaraga berish orqali rivojlantirish jamg‘armasiga qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish, xodimlarni rag‘batlantirish hamda ish sharoitlarini yaxshilash ustuvor vazifa ekanligini ta’kidladi.
Seminar davomida Norin–Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan auksionga chiqarilgan obyekt namuna sifatida taqdim etilib, uni elektron platformaga joylashtirish, hujjatlarni rasmiylashtirish va savdoga chiqarish jarayonlari amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.

Shu bilan birga, tizim tashkilotlari rahbarlari oldida suv obyektlarini xatlovdan o‘tkazish, ularni samarali loyihalarga jalb qilish va auksion savdolariga sifatli tayyorlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir davomida hududlardan kelgan mas’ullar tomonidan suv obyektlarini auksion savdolariga chiqarish uchun talab etiladigan hujjatlar, ularni rasmiylashtirish tartibi hamda elektron platformalar orqali joylashtirish mexanizmlari yuzasidan savollar berildi. Mutaxassislar tomonidan ushbu savollarga batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, sohil bo‘yi hududlarida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, manzarali ko‘chatlar ekish, dam olish maskanlari tashkil etish, yengil konstruksiyali zamonaviy inshootlar qurish orqali turistik jozibadorlikni oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati