Nukus tumani: Nasos agregatlarni sifatli ta’mirlash masalasi muhokama etildi

     Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan mas’ullari ishtirokida Nukus tumanidagi “Chimbergan” nasos stansiyasida elektr energiyasidan samarali foydalanish, nasos stansiyalar agregatlarini ta’mirlash va kuz mavsumida ko‘chat ekishga yer tayorlash yuzasidan seminar o‘tkazildi.

   Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 5-ilovasining 4-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, nasos stansiyalariga zamonaviy energo tejamkor qurilmalarni o‘rnatish va agregatlarni sifatli ta’mirlash kabi masalalar keng muhokama etildi.

Boshqarmaning Energetika bo‘limi uchastka boshlig‘i Q.Aliyev elektr energiyaidan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kungacha 6 dona nasos, 19 dona elektrodvigatel, 44 dona kondensator o‘rnatilganligi hisobidan yiliga o‘rtacha 659,015 ming kVt elektr energiyasi iqtisod qilinishiga erishilgan.

Seminarda nasos stansiyalarda 2025-2026-yillar kuz-qish mavsumida nasos agregatlarini ta’mirlash-tiklash ishlarini sifatli bajarish, agregatlarni soz holatda talofatsiz ishlatish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, nasos stansiyasi atrofida yordamchi xo‘jaliklarda olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.

«Nukus-Kegayli» bo‘limi boshlig‘i I.Tolibayev bo‘limda nasos stansiyalar atrofida 2 sotixlik ekin maydonda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilib ishchi-xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida bepul tarqatib berilayotganini aytib o‘tdi. Mas’ullar bu boradagi ishlarni barcha nasos stansiyalarda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati