Qoraqalpog‘istonda irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarida kuz-qishki tadbirlar boshlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026–2027-yillarning kuz-qish davrida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini mavsumga tayyorlash, ularning texnik holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan tadbirlar boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2026-yil 28-avgustdagi “2026–2027-yillarning kuz-qish davri uchun suv olish limitlarini tasdiqlash hamda mavsum davomida irrigatsiya-melioratsiya obyektlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 208-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Mazkur dastur asosida 1-sentyabrdan boshlab magistral va xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlari, gidrotexnik inshootlar, suv o‘lchash postlari, klaster va fermer xo‘jaliklariga qarashli ichki sug‘orish tarmoqlari hamda nasos agregatlarini ta’mirlash va tiklash ishlariga kirishildi.

Jumladan, mavsum davomida ekspluatatsiya mablag‘lari hisobidan 333,9 kilometr uzunlikdagi magistral va xo‘jaliklararo kanallarni tozalash, 180 ta gidrotexnik inshoot va 87 ta gidropostni ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 2407 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash, 816 ta gidrotexnik inshoot va 698 ta gidropostni ta’mirlash, 752 ta suv olish qulog‘ini jihozlash, 165,5 kilometr meliorativ obyektlarda ta’mirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 109 ta davlat nasos stansiyasi hamda klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 144 ta nasos agregatini ta’mirlash ishlari belgilangan.
Ayni paytda hududlarda kanal va sug‘orish tarmoqlarini mexanizatsiyalashgan hamda qo‘l kuchi yordamida tozalash, gidrotexnik inshoot va gidropostlarni ta’mirlash, suv olish joylarini suvni boshqarish va o‘lchash vositalari bilan jihozlash ishlari boshlab yuborildi.

Kuz-qishki mavsumda amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish suv resurslaridan oqilona foydalanish, kanal va sug‘orish tarmoqlarida suvning tabiiy yo‘qotilishini kamaytirish, shuningdek, 2027 yilgi sug‘orish mavsumini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirlarning belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi tomonidan tegishli suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan hamkorlikda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Inspeksiya xodimlari tomonidan joylarda kuz-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarining borishi, tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi, ta’mirlash va tozalash ishlarining sifati hamda texnik talablarga muvofiqligi o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berilmoqda.

Shu bilan birga, irrigatsiya va melioratsiya obyektlarida ishlarni jadallashtirish, zarur qurilish materiallari, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va texnika vositalari zaxirasini yaratish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish masalalari doimiy nazoratga olingan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuz-qishki tadbirlarni tizimli va sifatli tashkil etish, ularning ijrosini ta’minlash hamda suv xo‘jaligi obyektlarini navbatdagi sug‘orish mavsumiga puxta tayyorlash ishlari “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati