barchamizga birdek zarur
___Keyingi ikki yilda suv tanqisligi va mavjud suv manbalaridan samarali foydalanish maqsadida Orolbo‘yida kuz-qish mavsumidagi sho‘r yuvish tadbiri qishning oxirgi oyi va bahorda o‘tkazilmoqda. Qish mavsumida xo‘jaliklararo va ichki irrigatsiya tarmoqlarida suv bo‘lmasligi kanallar va ariqlarni tozalab, keyingi mavsumga tayyorlashga kengroq imkoniyat yaratmoqda.
___Qoraqalpog‘istonlik suvchilar qishning qirovli kunlariga qaramay bor imkoniyatni ishga solgan holda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tozalab, sug‘orish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.

___Mavsum boshidan 238 km uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallar tozalagan bo‘lsa, 154 dona gidrotexnik inshootlar ta’mirlandi. Jumladan, irrigatsiya tarmoqlarining 1521,7 km qismi mexanizm yordamida, 664,9 km qismi qo‘l kuchi yordamida tozalashga erishilgan.

___Amudaryo, To‘rtko‘l, Nukus, Kegeyli va Bo‘zatov tumanlari irrigatsiya bo‘limi jamoalari kuz-qish tadbirlari, ya’ni sug‘orish tarmoqlarini tozalash ishlarini tashkil qilishda boshqa hududlarga namuna bo‘lmoqdalar. Mazkur tumanlarda qalin qor yoqqan kunlar ham suv xo‘jaligi xodimlari, mexanizator va ekskavatorchilar o‘z ishlarini davom qildirmoqdalar.
___Irrigatsiya tarmoqlari tozaligi, gidroinshootlarning soz holatda bo‘lishi vegetatsiya davrida hududlarni kafolatli suv bilan ta’minlash imkonini beradi. Buni yaxshi anglagan suv xo‘jaligi xodimlari ariq va zovur tozaligi barchamizga birdek zarur, deya mazkur tadbirlarga klaster va fermer xo‘jaliklarini ham jalb etmoqdalar.

___Ma’lumot uchun: Bugungi kunda hududlardagi xo‘jaliklararo kanallar 4 dona ekskavator yordamida tozalanayotgan bo‘lsa, 58 dona ekskavator ichki xo‘jalik sug‘orish tarmoqlarini tozalashda ishtirok qilmoqda. SHuningdek, ushbu tadbirlarga 57 nafar suv xo‘jaligi xodimlari hamda hududlardagi klaster va fermer xo‘jaliklarining ishchi xodimlari jalb qilingan bo‘lib, ishlar izchil davom etmoqda.
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi