Baliqchilik tarmog‘ida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi

Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 2 iyuldagi «Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–122-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F. Ermanov, Suv xo‘jaligi vazirligi, «Qoraqalpoqbaliq» uyushmasi mas’ullari hamda baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Prezidentimizning «Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalar yuzasidan «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z. Irisboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov, «Qoraqalpoqbaliq» uyushmasi boshlig‘i X. Bekchanov ma’ruza va taqdimotlar qildi.


Ularda baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, xo‘jaliklarni suv bilan barqaror ta’minlash, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, suv olish hajmlarini aniq hisobga olish, shuningdek, sohada zamonaviy va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, baliqchilik xo‘jaliklariga suv limitlarini ajratishda suvga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni inobatga olish, suv olish va yetkazib berish hajmlarining aniq hisobini yuritish, elektron shartnomalarni joriy etish hamda suv o‘lchash vositalaridan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirning ikkinchi qismi ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, Vazirlar Kengashi Raisi F. Ermanov baliqchilik xo‘jaliklarining muammo va takliflarini tingladi. Ko‘tarilgan masalalarning yechimlari Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib muhokama etildi, ularni joyiga chiqib o‘rganish va ijobiy hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Ochiq muloqotda xo‘jaliklar tomonidan suv ta’minoti, suv olish hajmlarini belgilash, shartnomalarni rasmiylashtirish va suv o‘lchash vositalaridan foydalanish bo‘yicha savollar berildi. Savollarga javob berishda baliqchilik tarmog‘ida suvdan samarali foydalanish va aniq hisobni ta’minlashga qaratilgan Farmon talablari asos qilib olindi.
Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 691 ta tabiiy va sun’iy baliqchilik ko‘llari mavjud bo‘lib, shundan 138 tasi tabiiy, 553 tasi sun’iy ko‘llar hisoblanadi. Ularning 495 tasi kanallar, 196 tasi kollektorlar orqali suv bilan ta’minlanmoqda.


2026 yil sug‘orish davrida 335 ta baliqchilik xo‘jaligiga 46 mln 667 ming m³ suv limiti ajratilgan bo‘lib, 332 ta xo‘jalik bilan «Suv hisobi» axborot tizimi orqali shartnomalar rasmiylashtirilgan. Bugungi kunga qadar mazkur tizimga 224 ta baliqchilik xo‘jaligi bo‘yicha 14 mln 621 ming m³ suv miqdori joylashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida baliqchilik xo‘jaliklarining suv ta’minotiga oid hisob-kitoblarni xatlovdan o‘tkazish, elektron shartnomalarni rasmiylashtirish, suv o‘lchash vositalarini joriy etish, suvdan foydalanish ustidan raqamli nazoratni kuchaytirish hamda ochiq muloqotda ko‘tarilgan muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati