Beruniy tumanida ochiq muloqot o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov tomonidan Beruniy tumanida jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning qonuniy vakillari uchun navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

 

Tadbirda vazirlik mas’ul xodimlari, tizim tashkilotlari hamda Beruniy tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbariyati va sohaviy mutaxassislar ishtirok etdilar.

Qabulda hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mahalla faollari o‘z murojaatlari bilan mas’ullarga yuzlandi.

Murojaatlar asosan suv ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlaridan samarali foydalanish hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan bo‘lib, har bir murojaat bo‘yicha vazir tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ayrim murojaatlar tegishli tartibda o‘rganish va ijrosini ta’minlash uchun mas’ullarga yo‘naltirildi.

Qabul yakunlari bo‘yicha rahbar va mas’ul xodimlarga murojaatlarni belgilangan tartibda nazoratga olish, ularni joyiga chiqqan holda o‘rganish, qonuniy yechimlarini ta’minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov ta’kidlaganidek, bunday sayyor qabullar aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi. Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari belgilangan reja grafik asosida respublikamizning barcha hududlarida ochiq-muloqot va sayyor qabullar o‘tkazib kelmoqda. E’tiborlisi, fermerlar va aholi vakillari bilan o‘tkazilayotgan bu kabi ochiq muloqotlar suv xo‘jaligi sohasidagi mavjud masalalarga tezkor yechim topishga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati