Sug‘orish tarmoqlarida betonlash ishlari tunu kun davom etmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlashni yaxshilash, sug‘orish tarmoqlarining samaradorligini oshirish maqsadida kanal va ariqlarni betonlash ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Ayni kunlarda Nukus tumani «Samanbay» OFY hududidan o‘tuvchi Aqmang‘it guzari yo‘li bo‘yida aholi tomorqa yerlariga oqar suv yetkazib beruvchi ariqni betonlash ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Obyektda ishlarni belgilangan muddatda yakunlash maqsadida zarur texnika va ishchi kuchlari jalb qilinib, betonlash jarayoni ikki smenada, tunu kun tashkil etilmoqda.

«Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest» davlat muassasasining Loyihalarni boshqarish, qurilishni texnik kuzatish bo‘limi boshlig‘i Alisher Jumabayevning ta’kidlashicha, qurilish ishlarini jadallashtirish bilan birga, bajarilayotgan har bir ishning sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

— Hozirda obyektda ishlar belgilangan grafik asosida olib borilmoqda. Muddatni qisqartirish maqsadida zarur texnika va ishchi kuchlari safarbar qilinib, ish jarayoni ikki smenaga yo‘lga qo‘yilgan. Kunduzi ham, tungi vaqtda ham betonlash ishlari uzluksiz davom ettirilmoqda. Asosiy maqsadimiz — belgilangan 1 kilometr uzunlikdagi kanalni sifatli betonlashtirib, ishlarni 20 sentabrga qadar to‘liq yakunlash.

Mazkur obyektga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevraldagi PQ-49-son qarori asosida 743,0 mln so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha-smeta hujjatlari bo‘yicha obyekt qiymati 811,7 mln so‘mni tashkil etadi. Tender natijasiga ko‘ra, «KEGEYLIMAXSUSSUVPUDRAT» MCHJ 765,0 mln so‘mlik shartnoma asosida qurilish ishlarini amalga oshirmoqda.

Bugungi kunga qadar 1 kilometrlik kanalning 0,7 kilometrida betonlash ishlari bajarilib, 542,2 mln so‘mlik, ya’ni 71 foiz ishlar amalga oshirildi.

Mazkur loyiha yakunlanishi bilan «Samanbay» OFYdagi 1374 ta xonadonning 160 gektar tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash yaxshilanadi. Bu esa aholining tomorqadan unumli foydalanishi, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi.

Qurilish ishlarini belgilangan muddatda sifatli yakunlash uchun obyektda tunu kun nazorat va amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati