Chimboy tumanida joylashgan “Tonmoyin” nasos stansiyasida navbatdagi seminar o‘tkazildi.
Unda nasos stansiyalari faoliyati samaradorligini oshirish, elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, nasos agregatlarining texnik holatini nazorat qilish hamda mavsumiy tayyorgarlik ishlarini sifatli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda Boshqarmaning sektor rahbari Sagidulla Utemuratov ishtirok etib, nasos stansiyalari boshliqlari va ishchi-xodimlarga elektr energiyasini tejash, elektrodvigatellarni muntazam nazorat qilish, energiya tejamkor uskunalardan samarali foydalanish, nasos agregatlarini o‘z vaqtida ta’mirlash hamda ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Shuningdek, 2026-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir davomida nasos stansiyasi atrofida tashkil etilgan yordamchi xo‘jalik ekin yerlarida olib borilayotgan ishlar ham ko‘zdan kechirildi. Xususan, yer maydonlarida to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari bilan tanishildi.
Seminar yakunida nasos stansiyalarining samarali va barqaror ishlashini ta’minlash, energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi