«Quvanish jarma» kanali rekonstruksiyasi bo‘yicha amaliy ishlar muhokama qilindi

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga Jahon banki vakillari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida «Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

 

Tashrif davomida Jahon banki vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazining ko‘chirish va yer ajratish bo‘yicha mutaxassisi B. Usanov, monitoring bo‘yicha mutaxassisi L. Nazariy Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 1 avgustdagi PQ–242-son qaroriga muvofiq Jahon banki ishtirokida «Milliy irrigatsiya tizimlarini yaxshilash va energiya samaradorligini oshirish» loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda loyiha doirasida «Loyihalashtirish va texnik nazorat bo‘yicha konsalting xizmatlari» hamda «Quvanish jarma kanalini rekonstruksiya qilish» bo‘yicha dastlabki paketlar uchun tender hujjatlari ishlab chiqilib, ularni Jahon banki bilan kelishish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu paketlar loyihaning boshlang‘ich bosqichini tashkil etib, keyingi amalga oshirish jarayonlari uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tashrif doirasida mehmonlar rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan «Quvanish jarma» kanalida bo‘lib, obyektning hozirgi holati bilan tanishdilar. Shuningdek, loyihani amalga oshirishning tashkiliy va texnik jihatlari yuzasidan hududiy mas’ullar bilan fikr almashib, kelgusidagi vazifalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati