Shumanay tumanidagi «Qarabayli» MFY hududida joylashgan «Kamil Yusupov» fermer xo‘jaligining g‘alla maydonida suv xo‘jaligi mas’ullari va fermerlar ishtirokida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 yanvardagi PQ-5-sonli qarori mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda 2026 yil hosili uchun suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda suv iste’molchilariga qulaylik yaratuvchi «Suvkredit.uz» elektron tizimi va «Agro-subsidiya» yagona axborot tizimi orqali imtiyozli kredit va subsidiyalar olish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, 2026 yildagi ustuvor yo‘nalishlar, xususan suv resurslarini qat’iy taqsimlash, irrigatsiya tizimlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yillarda Shumanay tumanida 277,54 gektar maydonda tomchilatib, 477 gektarda esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatilgan va joriy yilda bu ko‘rsatkichni oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.
Seminarda tumandagi 30 dan ortiq yetakchi fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Tadbir yakunida suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati