Amaliyot o‘tash uchun Qoraqalpog‘istonga kelgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining talabalari suv xo‘jaligi mas’ullari bilan uchrashdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov rahbarligida o‘tkazilgan uchrashuv davomida sohaga oid dolzarb masalalar keng muhokama etildi va amaliyot o‘tash uchun kelgan mazkur talabalar tumanlardagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha biriktirildi.
Uchrashuvda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Zafar Irisboyev, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti, ilmiy maslahatchi A. Xalimbetov so‘z olib, hududlardagi suv xo‘jaligi tashkilotlari ushbu amaliyotchi yoshlarga tajribali ustoz biriktirishlari, ushbu talaba yoshlar kelgusida o‘zlari istiqomat qilayotgan tumanlarda mehnat faoliyatini olib borish istagini bildirishlarini inobatga olib, ularni ishlab chiqarish amaliyoti uchun o‘z tumanlariga jalb qilish yuqori samara berishi ta’kidlandi.
Shuningdek, hududlarga talabalarga amaliyotchi ustoz sifatida biriktiriladigan xodim talaba bilan birgalikda amaliyot davrida bajariladigan ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi va tasdiqlatishi lozimligi belgilab olindi.

Ma’lumot uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga “Suv xo‘jaligi va melioratsiya”, “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish”, “Gidrologiya (daryo va suv omborlari gidrologiyasi)”, “Meliorativ gidrogeologiya”, “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalashtirish” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 11 nafar 3-bosqich talabalari kelishgan. Ular joriy yilning 11 may sanasidan “Tarmoq-korxona-oliygoh” tizimi asosida universitetda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash uchun hududlarda biriktirilgan ustozlaridan amaliy bilimlarini oshirishni boshlashdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati