Qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holatini yaxshilash, tuproqning sho‘rini yuvish jarayonlarida suv tejamkor usullarni joriy etish maqsadida Taxiatosh tumanida seminar tashkil etildi.
Taxiatosh tumanidagi “Ibrohimbek Taxiatosh” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilgan tadbirda soha mas’ullari, fermerlar hamda ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, “Suvxo‘jaliknazorat” va meliorativ ekspeditsiya xodimlari so‘z olib, qishloq xo‘jaligi yerlarining meliorativ holatini yaxshilash ishlarini ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida amalga oshirish muhimligini ta’kidlab o‘tdilar.
Respublikamizda sho‘r yuvish ishlari reja-grafiklar asosida, maqbul muddatlarda amalga oshiriladi, – deydi Qoraqalpog‘iston meliorativ ekspeditsiya boshlig‘i Ilxam Janabayev. – Bu jarayonda ajratilgan suv limitlari doirasida hamda belgilangan meyorlarga qat’iy rioya etgan holda sho‘r yuvish ishlarini olib borilishi lozimgi shu kabi seminarlarda fermerlarga tushuntirilmoqda.
Shuningdek, bugungi seminarimizda keyingi yillarda Respublika hududiga kirib kelayotgan suv hajmining yildan-yilga kamayib borayotganini inobatga olgan holda, biopreparatlardan foydalanish orqali sho‘r yuvish jarayonida suv sarfini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, “Biosolvent” biopreparatini sho‘r yuvish davrida 1 gektar yerga 10 litr, vegetatsiya davrida esa 1 gektarga 5 litr meyorida qo‘llash orqali 34–37 foizgacha suv tejash imkoniyati mavjudligi, ushbu biopreparatning samaradorligi va afzalliklari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Seminarda Meliorativ ekspeditsiyaning Taxiatosh tumani bo‘yicha yetakchi mutaxassisi M.Yuldashov joriy sho‘r yuvish tadbiri doriasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan axborot berdi. Ma’lumot berilishicha, tumanda jami 3974 gektar yer maydonida sho‘r yuvish ishlari rejalashtirilgan. Shundan 104 gektari kuchli, 1941 gektari o‘rtacha va 1928 gektari kuchsiz sho‘rlangan yer maydonlarini tashkil etadi.
Mutaxassislar sho‘r yuvishga yer tayyorlash jarayonida lazerli yer tekislagichlardan foydalanishning ahamiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Lazerli yer tekislash suv tejamkorligi bilan birga hosildorlikni ham oshirishga xizmat etish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan lazerli yer tekislash qurilmalaridan foydalanish orqali sho‘r yuvish jarayonida 15–25 foizgacha suv tejalishi, yer maydonlarining bir tekis namlanishi, tuproqning barobar yetilishini ta’minlash hamda cheklar bo‘yicha suv sathining barqaror saqlanishiga erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Ayni kunlarda Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Meliorativ ekspeditsiya mas’ullari ishtirokida respublikamizning boshqa tumanlarida ham shu kabi seminarlar tashkil etilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati