“Yordamchi xo‘jaliklar” faoliyati kengaymoqda

     Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarda ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadlarini oshirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida “Yordamchi xo‘jaliklar” tashkil etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

      Bu borada Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari asosida suv fondi yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamrayev tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida barcha tizim tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Ushbu vazifalar asosida suv xo‘jaligi tashkilotlarida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik hamda issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish, shuningdek, sohadagi mavjud yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

-Ayniqsa, ishchi-xodimlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etishga mas’ul xodimi Allambergen Xojabekov. – Buning uchun tizim tashkilotlarida “Yordamchi xo‘jaliklar” tashkil qilinib, har bir tashkilot kesimida alohida “Biznes reja”lar ishlab chiqildi. Qora mol, qo‘y-echki, paranda, ko‘rka, quyon, g‘oz, o‘rdak va bedana bosh sonini ko‘paytirish, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida sun’iy havzalar tashkil etish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Masalan, “Orol bo‘yi” delta boshqarmasi tomonidan Bo‘zatov tumanida 0,75 gektar, Qirg‘oq himoyalovchi dambalar va o‘zanlarni tartibga solish inshootlar boshqarmasi tomonidan Ellikqal’a tumanida 0,5 gektarda sun’iy baliq havzalari tashkil etildi va baliq chavoqlari tashlandi. Suv xo‘jaligi tashkilotlari orasida “Suyenli” irrigatsiya tizim boshqarmasining “Kindik o‘zak” gidrouchastkasi, “Quvonish jarma” irrigatsiya tizim boshqarmasining Nukus tumani gidrouchastkasida hamda Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining Beruniy tumani gidrouchastkasidagi yordamchi xo‘jaliklarining ishlarini boshqalarga namuna qilish mumkin. Mazkur ishlarni barcha tashkilotlarda yanada jadallashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida 71,5 gektar maydonga kuzgi g‘alla, 33,6 gektarga toqsonbosti ekinlari ekilib, hozirgi kunda parvarish va sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 31,3 gektarga kartoshka, 30,2 gektarga piyoz, 46,1 gektarga sabzavot, 28,0 gektarga oshqovoq, 6 gektarga poliz ekinlari ekildi.

Bu kabi amaliy ishlar suv xo‘jaligi tashkilotlarida qo‘shimcha oziq-ovqat zaxirasini yaratish, xodimlarni rag‘batlantirish va ichki imkoniyatlardan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’kidlash joizki, sohada amalga oshirilayotgan bu kabi tashabbuslar ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati