Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–99-son Farmoni mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarni “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Rahimov ochdi va boshqarib bordi. Tadbirda “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy etish” davlat muassasasi direktori Ravshan Sharopov, Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Sardor Urunbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Tajetdin Madireymov, shuningdek, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istondagi suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, tegishli idoralar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklanganligi va qishloq xo‘jaligida suvga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotgani mazkur sohada mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, davlat rahbarining PF–99-son Farmoni suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy hujjat hisoblanadi. Unda suv xo‘jaligi obyektlaridan samarali foydalanish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, investitsiya muhitini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish hamda suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Tadbirda Farmonda belgilangan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, suv yetkazib berish xizmatlarini iqtisodiy samaradorlik va bozor tamoyillari asosida tashkil etish, suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini kengaytirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, suv hisobini yuritish va boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Alohida ta’kidlanganidek, suv resurslarini aniq hisobga olish tizimlarini joriy etish orqali suv sarfining shaffofligi ta’minlanadi, yo‘qotishlar qisqaradi va har bir tomchi suvdan unumli foydalanish imkoniyati ortadi. Bu esa nafaqat suv tejamkorligini ta’minlash, balki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish samaradorligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida suv fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari ham muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Mas’ul tashkilotlar tomonidan noqonuniy egallab olingan suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazish, ularga bo‘lgan huquqlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilish, mazkur yer maydonlarini suv xo‘jaligi obyektlarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish hamda vaqtincha foydalanish uchun tuzilgan ijara shartnomalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.

PF–99-son Farmonning muhim jihatlaridan yana biri — suv fondi yerlaridan iqtisodiy samarali foydalanish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishga qaratilganidir. Buning natijasida suv xo‘jaligi obyektlari atrofida xizmat ko‘rsatish, turizm, rekreatsiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Seminarning amaliy qismida ishtirokchilar Beruniy va Ellikqal’a tumanlarida suv xo‘jaligi obyektlari hududlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Xususan, Qirg‘oq himoyalovchi dambalar va o‘zan rostlovchi inshootlar boshqarmasi rahbari E. Alimov sohil bo‘ylarida shartnoma asosida olib borilayotgan ishlar, boshqarmaning yordamchi xo‘jalikni rivojlantirish bo‘yicha tajribasi hamda sohaga bozor mexanizmlarini tatbiq etish orqali erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Ellikqal’a tumanidagi «Aqshako‘l» dam olish maskani faoliyati bilan ham tanishib, suv obyektlari atrofida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar natijalarini ko‘zdan kechirdilar.
Bugungi kunda suv resurslarini boshqarishda samaradorlikni oshirish, sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish va z
amonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Zero, suv — mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi rivoji va aholi farovonligini ta’minlovchi strategik resurs hisoblanadi.

PF–99-son Farmonning izchil amalga oshirilishi natijasida suv xo‘jaligi sohasida boshqaruv samaradorligi yanada oshishi, infratuzilmaning texnik holati yaxshilanishi, xususiy sektor ishtirokining kengayishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va eng muhimi, suv resurslaridan foydalanish madaniyatining yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Bu esa mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini zamonaviy, iqtisodiy barqaror va raqobatbardosh tizimga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati