Kegeylida suvdan samarali foydalanish va tejamkor texnologiyalar joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi

Kegeyli tumanidagi “Bekzod-Ozod” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuxrat G‘aniyev boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi mas’ullari, “Agrobank” ATB, klaster hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Shuxrat G‘aniyev mintaqada suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ushbu texnologiyalarni o‘rnatish uchun banklar tomonidan ajratiladigan imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilishi nazarda tutilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.  Shuningdek, kredit ajratish va tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining taklif hamda murojaatlari ham tingladi.

Bildirilgan murojaatlar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga aniq va qat’i topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi alohida nazoratga olinishi ta’kidlandi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan zamonaviy sug‘orish uslublarini, jumladan, elektr energiyasiz joylarda katta samara berayotgan quyosh panellari bilan ishlovchi “KAVSAR” tizimi texnologiyasini amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur texnologiyalarning afzalliklari, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishdagi o‘rni hamda iqtisodiy jihatdan foydaliligi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesning mas’ul xodimi M.Abdirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov so‘zga chiqib,   mavsum davomida ekin maydonlarini sho‘r yuvishga sifatli tayyorlash, lazerli uskuna yordamida tekislash hamda suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari oldida turgan vazifalarga to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir ishtirokchilari seminarda Hukumatning tegishli qarorlari asosida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish borasida berilgan imtiyozlari haqida ma’lumot olish bilan birga ushbu tejomkor texnologiyalardan foydalanish natijasida suv solig‘i imtiyozlari haqida ham ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Belgilangan grafik asosida suvdan samarali foydalanish va tejamkor texnologiyalar joriy etish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar respublikamizning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati