Taxtako‘pir tumani: Suv xo‘jaligi mas’ullari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

     Taxtako‘pir tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupovning jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning qonuniy vakillari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

    Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘i R.Raximov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Meliorativ ekspeditsiya boshlig‘i I.Janabayev, Taxtako‘pir tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi direktori P.Qallibekov, soha mutasaddilari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mahalla fuqarolari yig‘ini vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov Suv kodeksi mazmun-mohiyati, suvdan foydalanish bo‘yicha talablar, suv hisobini yuritish tartibi hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qabul davomida tuman aholisi va fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan suvdan foydalanish, suv ta’minoti, hisob-kitob va monitoring masalalariga oid murojaatlar bildirildi. Jumladan, «Qara oy» OFY hududidagi «Sharva Nasil», «Shukurulla», «A.Adilov» OFYdagi «Nurpolat Taxta», «Atakol» OFY hududida joylashgan «Smag‘ul» fermer xo‘jaliklari rahbarlari o‘z muammolari bilan murojaat qilishdi.

Qabul jarayonida suv iste’molchilarining murojaatlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarining mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirishlar berilib, murojaatchilarning savollariga atroflicha javoblar qaytarildi.

Xususan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etgan, suv hisobini to‘liq yuritayotgan hamda gidropost o‘rnatgan fermer xo‘jaliklariga amaldagi qonunchilikka muvofiq suv solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyozlar mavjudligi haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, mazkur imtiyozlardan foydalanish shartlari, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.

Shuningdek, sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlar asosida tegishli bo‘lim va tashkilot rahbarlariga muammolarni belgilangan tartibda hal etish, ijrosini ta’minlash va natijasi bo‘yicha murojaat egalariga yozma javob berish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Mazkur sayyor qabul yakunlari bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining mas’ul xodimlari tomonidan qat’iy nazoratga olindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati