Qoraqalpog‘istonda Mini-futbol bo‘yicha Suv xo‘jaligi vaziri kubogi musobaqasi o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jamoaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda xodimlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Mini-futbol bo‘yicha «Suv xo‘jaligi vaziri kubogi — 2026» musobaqasining hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi muassasa va tashkilotlardan yigirmadan ortiq jamoa ishtirok etdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Irisboyev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Madireymov ishtirok etib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda sportni ommalashtirish, aholi, xususan, mehnat jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtalib, suv xo‘jaligi tizimi xodimlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, bunday musobaqalar xodimlar o‘rtasida jamoaviylik, hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini yanada mustahkamlashini qayd etdilar.

Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechib, jamoalar g‘oliblik uchun munosib raqobat olib bordilar. Musobaqaning hal qiluvchi uchrashuvlarida eng yaxshi natijalarni qayd etgan jamoalar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, To‘rtko‘l tumani «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi jamoasi barcha raqiblaridan ustun kelib, musobaqaning bosh sovrini — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri kubogini qo‘lga kiritdi.

«Quvonish jarma» irrigatsiya tizim boshqarmasi jamoasi ikkinchi o‘rinni, «Xo‘jayli suv yo‘llari texnik uchastkasi» davlat muassasasi jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqaning yakuniy taqdirlash marosimida  so‘z olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari g‘olib va sovrindor jamoalarni samimiy muborakbod etdilar.

Taqdirlash marosimida sportni yanada rivojlantirish, suv xo‘jaligi tizimi xodimlarining sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlarni qo‘llab-quvvatlash, jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. G‘olib jamoaga bosh sovrin —kubok tantanali ravishda topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati