FURSAT OZ, TADBIR ESA MUHIM

___Mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli Orolbo‘yi hududlarida joriy yilgi sho‘r yuvish tadbirlari fevral oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘istonlik suvchilar sho‘r yuvish tadbirini qisqa muddatlarda sifatli bajarish uchun ayni kunlarda suv xo‘jaligi ob’ektlarida ta’mirlash tiklash va ichki sug‘orish tarmoqlarida qazib tozalish ishlarini jadal olib bormoqdalar.

___Shu bilan birga hududlarda sho‘r yuvishga er tayyorlashga alohida e’tibor qaratilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Vazirlar Kengashi tomonidan har bir hududda ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilish maqsadida soha vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi.

___Nukus tumanida o‘tkazilgan  ko‘rgazmali seminarda hududga biriktirilgan ishchi guruh rahbari, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i A.YUldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Q.Arzuev, tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i A.Jolimbetovlar ishtirok qildi va suv iste’molchilariga amalga oshiradigan vazifalari yuzasidan topshiriqlar berildi.

___-Ekin maydonlarini belgilangan muddatlarda sho‘r yuvishni amalga oshirishda dalalarni sifatli tayyorlash, lazer uskunasi yordamida tekislash eng muhim tadbirlardan sanaladi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi  Suv xo‘jaligi vazirligidan ishchi guruhga biriktirilgan mutaxassis Quralbay Arzuev.  – Joriy mavsumda sho‘r yuvishga ajratilgan vaqt ham suv ham oldingi yillarga nisbatan kamligini ko‘pchilik bilib turibdi. O‘tkazilayotgan ko‘rgazmali seminarlarda klaster va fermer xo‘jaliklari vakillariga suv olish quloqlarini ta’mirlash,  dalalarini tekislash, chel olish hamda sho‘r yuvishga etarli miqdorda suvchilarni jalb qilish kabi muhim vazifalar tushuntirilmoqda.

___Ta’kidlanganidek, fursat oz, sho‘r yuvish tadbiri esa muhim. SHu bois bu kabi tadbirlar barcha tumanlarda o‘tkazilmoqda. Seminarlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida kuz-qish mavsumidagi ta’mirlash-tiklash ishlari ham muhokama etilib, amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab berilmoqda.

G‘.Otajonov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi 

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi