___Prezidentimiz o‘tgan yili sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Bo‘zatov tumanida bo‘lib, tumanda suv ta’minotini yaxshilash, foydalanilmay yotgan erlardan, tomorqalardan unumli foydalanish kabi muhim masalalar yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.
___Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash, Bo‘zatov tumanini kafolatli suv bilan ta’minlash maqsadida “Amudaryo” daryosining PK-900 qismida sekundiga 3 metr kub suv chiqarish quvvatiga ega nasos agregatlarini o‘rnatish belgilandi.

___– Bugungi kunda «Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest» DM buyurtmasi asosida “Bunyodkor Meros” MCHJ pudrat korxonasi tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Tajetdin Madireymov. – Ob’ektning umumiy qiymati 8 mlrd. 346 mln. so‘mni, shundan 7 mlrd. 996 mln. so‘mi qurilish-montaj ishlarini tashkil qiladi. Nasos agregatlari “Suvmash” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosida xarid qilinib, dvigatellarni montajlash ishlari yakunlandi. Ob’ektdagi qurilish ishlari 1 mart sanasiga yakunlanishi reja qilingan.

___Biz, hududda bo‘lganimizda qurilish ishlari bir zum to‘xtamasdan Bo‘zatovda suv ta’minotini yaxshilashning barcha zarur choralari ko‘rilayotganiga guvoh bo‘ldik.
___Mazkur nasos agregatlari ishga tushishi natijasida Bo‘zatov tumani hududidagi 76,9 kilometr oraliqdagi «Erkindarya» xo‘jaliklararo kanali bo‘yida joylashgan 1,5 ming xonadonning 210 ga tomorqa maydonlari, 50 tadan ortiq qishloq xo‘jaligi korxonalarining 2,8 ming ga ekin maydonlari, 3,5 ming ga yaylov maydonlarini sug‘orish hamda «Bo‘zatov» aholi punkti, «Qusxonatov» hududidagi aholini ichimlik suvi bilan hamda hududdagi chorva mollarini suv bilan ta’minlashdagi muammolar bartaraf etiladi.
G‘.Otajonov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi