“Tag‘-jap” kanali rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi

Chimboy tumanidagi “Tag‘-jap” kanali rekonstruksiya ishlaridan so‘ng tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Chimboy tumani hokimi N.Eshanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov, qishloq va suv xo‘jaligi sohasi mas’ullari, nuroniylar, quruvchi tashkilotlar vakillari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.


1938 yilda foydalanishga topshirilgan “Tag‘-jap” kanalining umumiy uzunligi 13,3 kilometrni tashkil etib, kanal orqali 4 136 gektar ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyati mavjud. Kanalda 45 ta gidrotexnik inshoot joylashgan.


Uzoq yillar davomida foydalanilishi natijasida kanalning ayrim qismlarida loyihaviy parametrlar o‘zgarib, suv o‘tkazish qobiliyati pasaygan, filtratsiya orqali suv yo‘qotishlar ko‘paygan edi. Gidrotexnik inshootlardagi eskirgan darvozalar ham suvning samarasiz sarflanishiga sabab bo‘lib, yiliga o‘rtacha 2,5 million kub metr suv yo‘qotilgan.


Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida Hukumat qarori asosida “Tag‘-jap” kanalining 13,3 kilometrlik qismida rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilandi. Loyiha doirasida kanal o‘zani betonlashtirilib, gidrotexnik inshootlar ta’mirlandi va zamonaviy talablarga mos holatga keltirildi.
Rekonstruksiya ishlari “Ellikqal’a maxsussuvpudrat” MChJ tomonidan amalga oshirildi. Loyihaning shartnoma qiymati 18 milliard 992 million so‘mni tashkil etdi.
Natijada kanalning foydali ish koeffitsientini 0,90 gacha yetkazish, suv yo‘qotishlarini sezilarli kamaytirish hamda suvni iste’molchilarga kafolatli yetkazib berish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, rekonstruksiya ishlari natijasida 16 ta fermer xo‘jaligi va 4 355 dan ortiq aholi tomorqalarining 4 136 gektar ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash sharoiti yaxshilandi.


Tantanali tadbirda kanal rekonstruksiyasida ishtirok etgan tashkilotlar va mas’ul xodimlarning mehnati alohida e’tirof etildi. Chimboy tumani hokimligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupovga, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar rahbarlariga, shuningdek, qurilish-montaj ishlarida faol ishtirok etgan ishchi-xodimlarga minnatdorlik bildirilib, tashakkurnomalar topshirildi.
Shundan so‘ng tadbirning eng tantanali lahzalariga navbat berildi. Nuroniylar duoga qo‘l ochib, yurt tinchligi, xalq farovonligi, suvning barakasi va mo‘l hosil tilab duo qildilar.


Nuroniylar duosi bilan “Tag‘-jap” kanali ramziy tasma kesilib, unga suv ochildi. Kanal bo‘ylab harakatlana boshlagan musaffo suv nafaqat rekonstruksiya ishlarining yakunlanganini, balki minglab gektar ekin maydonlari va aholi tomorqalariga yanada barqaror suv yetkazib berishning yangi bosqichini ifodaladi.
Qayd etilganidek, “Tag‘-jap” kanalining rekonstruksiya qilinishi suv resurslaridan samarali va tejamkor foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini yaxshilash hamda fermerlar va aholi uchun qulay sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati