Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi «Aq-oltin» OFY hududida joylashgan «Yakubova Gavqar» fermer xo‘jaligi dalasida soha mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va soliq qonunchiligidagi yangiliklar muhokama qilindi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, Meliorativ ekspeditsiya mas’ullari, olimlar, fermer va boshqa suv iste’molchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov so‘zga chiqib, suv tanqisligi sharoitida sho‘r yuvish ishlarini sifatli tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Xususan, yerlarni 35–40 sm chuqurlikda shudgorlash, kamida 3-yilda bir marta lazerli tekislash va maydonni nishabligiga qarab pollarga bo‘lish asosiy talab etib belgilandi.
Shuningdek, seminarda suvdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qo‘llaniladigan iqtisodiy choralar eslatib o‘tildi. Ma’lumot berilishicha, suv hisobini yuritmaganlar uchun soliq bazasi 2 baravar oshiriladi. Tejamkor texnologiyalar va suv o‘lchash uskunalari o‘rnatilmagan taqdirda 1,1 koeffitsiyent qo‘llaniladi. Limitdan ortiqcha suv olinganda yoki ruxsatsiz foydalanilganda soliq stavkasi 5 baravar miqdorida belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi meliorativ ekspeditsiya boshlig‘i I.Janaboyev so‘zga chiqib, ekin maydonlarda sho‘r yuvish tadbirlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror talablari asosida amalga oshirilishi lozimligini bildirdi.

Tuman mas’ullari tumanda joriy mavsumda sho‘r yuvish tadbirlari o‘tkaziladigan maydonlar haqida ma’lumot berishdi. Ma’lum qilinishicha, Amudaryo tumanida joriy kuz-qish mavsumida jami 20 ming 160 gektar maydonda sho‘r yuvish ishlari rejalashtirilgan. Shundan 836 gektari kuchli, 9 101 gektari o‘rtacha va 10 224 gektari kam sho‘rlangan maydonlardir.
Seminarda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S. Qurbonbayev so‘zga chiqib, sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirishdan oldin ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash hamda sho‘r yuvish ishlarini belgilangan me’yorlar asosida amalga oshirish zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ko‘rgazmali seminarda sho‘r yuvishda innovatsion yechimlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Tuproqdagi tuzlarning yuvilishini tezlashtirish maqsadida «Biosolvent» biopreparatidan foydalanish tavsiya etildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu vosita qiyin eriydigan tuzlarni parchalaydi, sho‘r yuvish uchun sarflanadigan suv hajmini sezilarli darajada kamaytiradi.
Seminar yakunida mutaxassislari tomonidan fermer va klasterlarga sho‘r yuvish ishlarini ilmiy tavsiyalar asosida o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati