Taxiatosh tumanidagi «Amudaryo» HSXB Quyi daryo boshqarmasiga qarashli Taxiatosh gidrouzeli inshootida suvdan samarali foydalanish va gidrotexnik inshootlarni betalofat ishlatish va xavfsizdigini ta’minlash yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev so‘zga chiqib, gidroinshootlarning texnik holati, xavfsizligini ta’minlashga oid qonun va hukumat qarorlarining ahamiyati hamda ularni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 30-avgustdagi “Gidrotexnika inshootlarining havfsizligi to‘g‘risida”gi 865-sonli Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-sentyabrdagi 500-sonli qarori, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-iyuldagi 457-sonli qarorlarining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi.

Seminarda gidrotexnika inshootlarining texnik holatini yaxshilash borasida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va doimiy ravishda bajarilishini monitoring qilib borish belgilandi. Shuningdek, Taxiatosh gidrotexnika majmuasining Xavfsizlik deklaratsiyasini ishlab chiqib 2026-yilning III choragida ekspertizadan o‘tkazish hamda Taxiatosh gidrouzeli chap va o‘ng qirg‘oq gidrotexnika inshootini cho‘kish va siljish o‘lchovlarini o‘tkazish uchun 2026-yil xarajatlar smetasiga mablag‘ kiritish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazimbetov ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati