Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ullari ishtirokida Qorao‘zak tumanida joylashgan “Marxao‘zak” nasos stansiyasida elektr energiyasidan samarali foydalanish, uni tejash, nasos agregatlarini ta’mirlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi mutaxassisi M.Xusenov, Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi N.Aralbayev so‘z olib, qish mavsumida amalga oshiriladigan vazifalarga keng tushintirib o‘tishdi. Xususan, elektr energiyasidan samarali foydalanish, iqtisod qilish, zamonaviy energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish hamda nasos agregatlarini sifatli ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Energetika bo‘limi uchastka boshlig‘i Q.Aliyevning ma’lum qilishicha, joriy davrga qadar 7 dona nasos agregati, 23 dona elektrodvigatel va 31 dona kondensator o‘rnatilishi natijasida yillik o‘rtacha 670,143 ming kVt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.
Mas’ullar tadbir davomida nasos stansiyalarida kuzgi-qishki mavsumda nasos agregatlarini ta’mirlash-tiklash ishlarining ijrosini o‘rganishdi. Shuningdek, mavsum davomida agregatlarni sifatli ta’mirlash, soz holatda, talofatsiz ishlatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati