Suv xo‘jaligi vazirligi, nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi mas’ullari va xususiy sheriklar ishtirokida Amudaryo tumanida joylashgan “Qipchaq arna-1” nasos stansiyasida amaliy seminar tashkil etildi.

Seminarda ZOOM platformasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatlarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Tagayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Urazimbetov hamda Qoraqalpog‘iston va Beruniy nasos nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi rahbarlari ishtirok qildi. Seminar davomida davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asoslari, xususiy sheriklar tomonidan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasini tejash choralari hamda ekspluatatsiya samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, “Qipchaq arna-1” nasos stansiyasi DXSH/33-2021-sonli bitim asosida “GULMIRA-GULRUX” fermer xo‘jaligiga boshqaruvga berilgan. Bitim shartlariga ko‘ra, xususiy sherik tomonidan 354,9 mln so‘m miqdorida investitsiya kiritish belgilangan bo‘lib, amalda 1 dona nasos agregati hamda quvvati 3 kVt bo‘lgan 1 dona quyosh paneli o‘rnatilgan, shuningdek, navbatchilar xonasi yangidan qurib foydalanishga topshirilgan.

Shu bilan birga, 2026 yil davomida davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor boshqaruviga berilishi rejalashtirilgan 8 ta nasos stansiyasi ro‘yxati tasdiqlangani qayd etildi. Mazkur obyektlar bo‘yicha maxsus komissiya tomonidan dastlabki hujjatlar ishlab chiqilib, belgilangan tartibda vazirlikka taqdim etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, seminarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish choralari belgilab olindi. Nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor boshqaruviga berish ishlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining davlat-xususiy sheriklik sho‘basi xodimi S.Joldasbayeva, AKT bo‘yicha bosh mutaxassis Q.Serikbayev hamda nasos stansiyalari mas’ul xodimlari bilan birgalikda xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berilgan “Qipchaq arna-1” nasos stansiyasini borib ko‘rdi. Amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati