Bugun, 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, sug‘orish tadbirlarining borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Vazir Qoraqalpog‘istondagi soha mas’ullari bilan birga Kegeyli tumanidagi “Kegeyli-Chimboy agro klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining dalasida paxta maydonlarini sug‘orishda egiluvchan quvur va boshqa tejamkor texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ishtirok etdi.
Seminarda 10 iyulgacha paxta maydonlarini dastlabki sug‘orish tadbirlarini yakunlash zarurligi ta’kidlandi. Bu borada belgilangan vazifalar bo‘yicha hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda klaster va fermer xo‘jaligi mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Jumladan, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida o‘q ariqlar o‘rniga ko‘chma egiluvchan quvur hamda ariqlarga plyonka to‘shab sug‘orish, tungi sug‘orish ishlariga alohida e’tibor qaratish kabi muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM suvchilari bilan birga har bir klaster va fermer xo‘jaliklari o‘zlarining dalalariga yetarli miqdorda suvchilarni chiqarish va suvni nazoratsiz qoldirmasdan har bir kub metr suvdan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.


Tadbir davomida Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev hududdagi fermer hamda boshqa suv iste’molchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi hamda ularning firklarini tingladi. Hududlardagi paxta va tomorqa maydonlariga suvni tasdiqlangan limit va grafik asosida yetkazish bo‘yicha suv xo‘jaligi mas’ullariga topshiriqlar berildi.
Shuningdek, paxta sug‘orish tadbirlariga jalb etilgan suvchilarni moddiy rag‘batlantirish masalasi ham e’tiborga olingani ta’kidlab o‘tildi. Shu yerda suvchilarga 5 million so‘mdan ish haqlari tarqatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati