Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan Taxtako‘pir tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish va elektr energiyasini tejash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda sohada nafaqat texnik yangilanish, balki boshqaruv sifatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun Boshqarma mas’ullari tomonidan Taxtako‘pir tumanidagi “Odil chorva” nasos stansiyasida soha mutaxassislari va ishchi-xodimlar uchun navbatdagi o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Seminarda o‘tgan qish mavsumi davomida nasos stansiyalarida elektr energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.
Tadbirning asosiy mavzusi elektr energiyasini iqtisod qilish, elektrodvigatellarni muntazam nazorat qilish va agregatlarni o‘z vaqtida ta’mirlashdan iborat bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, hozirda boshqarma tasarrufidagi joylashgan 10 ta nasos stansiyasi va ulardagi 24 ta agregat yordamida Taxtako‘pir tumanida jami 3827 gektar ekin maydonlar suv bilan ta’minlanmoqda. Hududda energiya sarfi yuqori bo‘lgan eski SNPE-500/10 rusumli agregatlarni zamonaviy va kam quvvat sarflaydigan texnologiyalarga almashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Xususan, tumandagi nasos stansiyalariga 20 dona yangi K500-7 rusumli energotejamkor nasos agregatlari o‘rnatildi. Taqqoslash uchun, avvalgi agregatlar soatiga 110 kVt elektr energiyasi sarflagan bo‘lsa, yangi qurilmalar atigi 55 kVt sarflaydi. Ushbu modernizatsiya natijasida yiliga jami 3,142 mln kVt*soat elektr energiyasini tejab qolish rejalashtirilgan.
Sho‘r yuvish mavsumiga rejalashtirilgan 5 dona nasos agregati to‘liq ta’mirlanib, sho‘r yuvish mavsumida soz holatda ishlab turibdi.
Shuningdek, mas’ullar nasos stansiyalari atrofida tashkil etilgan yordamchi xo‘jalik faoliyatini ham ko‘zdan kechirdilar. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish, yerdan unumli foydalanish, xodimlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati