Bo‘zatov tumanida so‘nggi yillarda aholi turmush sharoitini yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, ko‘plab yangi inshootlar qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri sifatida bugun tumanda suv ta’minotini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan zamonaviy nasos stansiyasining tantanali ravishda ishga tushirilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-dekabrdagi PQ-4912-sonli qaroriga muvofiq, Amudaryoning Bo‘zatov tumani hududidan o‘tuvchi qismida quvvati 3 m³/sek bo‘lgan NDN-24 nasos agregatlarini o‘rnatish loyihasi davlat dasturlariga kiritilib, “Voris China” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari to‘liq yakunlandi.

Bugun yangi barpo etilgan zamonaviy nasos stansiyasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar, fermerlar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirda Bo‘zatov tumani hokimi B.Ubbiniyazov, “Suvxo‘jaliknazorat ” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti A.Xalimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Madireymov, “Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest” DM direktori v.b. A. Kaypov va boshqa mas’ullar ham ishtirok etib, so‘zga chiqishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sanitariya holatini yaxshilash hamda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Loyiha doirasida NDN-24 nasos agregatlarining o‘rnatilishi natijasida tumandagi 1,5 ming nafar aholining 210 gektar tomorqa yer maydonlari, 2,8 ming gektar sug‘oriladigan yerlar hamda 3,5 ming gektar yaylov maydonlarini suv bilan ta’minlash imkoniyati yanada yaxshilanadi.

Ushbu ishlarga qurilish boshidan jami 13 mlrd 223 mln so‘m mablag‘ sarflandi. Hozirda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan agregatlar soz holatda saqlanib, hududning suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida ramziy tasma kesilib, nuroniylar duosi bilan nasos agregatlari ishga tushirildi hamda ishtirokchilar yangi barpo etilgan nasos stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, bunday loyihalar Bo‘zatov tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga kuchli turtki berib, aholi farovonligini oshirish, qishloq xo‘jaligi samaradorligini yuksaltirish hamda hududda barqaror suv ta’minotini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati