Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tuman hokimligi mas’ul xodimlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga oid qarorining mazmun-mohiyatini hududdagi suvchilar va fermerlarga tushuntirish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi A.Kidirbaev, maxsus xizmat bo‘limi boshlig‘i Ye.Turdibaevlar «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori bilan joriy qilinayotgan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Ta’kidlanganidek, mazkur qarorga muvofiq, tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari tashkil etiladi. Ushbu hujjatda Suv yetkazib berish xizmatlarining asosiy vazifalari ham belgilab berilgan. Unga ko‘ra, belgilangan limitlar asosida iste’molchilarga suv yetkazib berish, o‘ziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish, sug‘orish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, ta’mirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish, suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish, iste’molchilar kesimida iste’mol qilingan suv hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish kabi muhim vazifalar Suv yetkazib berish xizmatlarining zimmasiga yuklatilmoqda.
Shuningdek, tadbirda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun kredit ajratish tizimiga ham o‘zgartishlar kiritilayotgani haqida ma’lumot berildi. 2024 yildan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga suvkredit.uz platformasi orqali 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kreditlar ajratilishi aytib o‘tildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javoblar olishdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati