Ellikqal’a tumani: Suv tejovchi texnologiya – muhokama markazida

Ellikqal’a tumanida suv tejovchi texnalogiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari, quruvchi tashkilotlari vakillari suv xo‘jaligi mas’ullari bilan uchrashuvi o‘tkazildi. 

Uchrashuvda Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, tuman hokimligi, “Suv yetkazib berish xizmati” DM rahbari, tuman “Agrobank” ATB rahbari, tuman Fermerlar kengashi raisi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari hamda tumandagi suv tejovchi texnologiya joriy qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligidan kelgan vakil Z.Irisboyev, tuman hokimining o‘rinbosari A.Koziyev so‘zga chiqib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bu borada belgilangan imtiyoz va imkoniyatlarga oid qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati hamda kreditlashning yangi onlayn “Suvkredit.uz” platformasi to‘g‘risida keng turda ma’lumot berib o‘tdilar.

Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish, tejash maqsadida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanadigan fermerlar hamda yomg‘irlatib va egiluvchan quvirlar yordamida sug‘oriladigan maydonlar qamrovini yanada oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Uchrashuvda bank xodimlari ham so‘zga chiqib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda xarajatlarning bir qismi davlat budjeti hisobidan subsidiya asosida qoplab berish tartiblari joriy etilganligini kengroq tushuntirib o‘tishdi. Shu bilan birga, quruvchi pudrat korxonalar vakillari ham o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berib o‘tishdi.

Uchrashuvda ushbu texnologiyani o‘rnatishga qiziqish bildirgan tashabbuskor fermerlarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga suv xo‘jaligi mas’ullari hamda tegishli mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida bugun To‘rtko‘l, Beruniy va Amudaryo tumanlarida ham suv tejovchi texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirishga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazilib, amalga oshiriladigan vazifalar keng muhokama etilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati