Baliqchilik sohasida suv nazorati va raqamlashtirish

Suv xo‘jaligi tizimida e’lon qilingan «Baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini tartibga solishga ko‘maklashish oyligi» doirasida To‘rtko‘l tumanidagi «Turon oltin baliq havzasi» fermer xo‘jaligida seminar tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi mas’ullari hamda To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridagi baliqchilik xo‘jaliklari vakillari va suvchilar ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2025 yil 26 dekabrdagi tegishli buyrug‘iga asosan 2026 yilning yanvar oyi – Suv xo‘jaligida «Baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini tartibga solishga ko‘maklashish oyligi» deb e’lon qilingan edi. Mazkur oylik dorasida amalga oshiriladigan tadbirlarni suv iste’molchilari hamda baliqchilik xo‘jaliklari vakillariga tushuntirish va targ‘ibot tadbirlarini olib borish maqsadida hududlarda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazilayotir.

 “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi  Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i I.Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, baliqchilik sohasidagi so‘nggi qonunchilik yangiliklari va Suv kodeksi talablari bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, suvdan foydalanishda tartib-qoidalarga rioya qilish nafaqat qonuniy majburiyat, balki suv resurslarini tejashning muhim omilidir.

Shuningdek, seminarda «Suv hisobi»ni yuritish va bu jarayonni raqamlashtirish masalasi ham keng muhokama etildi. Ishtirokchilarga suv sarfini real vaqt rejimida aniq hisobga olish, shartnomalarni elektron shaklda tuzish va elektron raqamli imzo (ERI) orqali tasdiqlash tartibi tushuntirildi.

Seminar yakunida baliqchilik xo‘jaliklari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish orqali suv xo‘jaligi obyektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini olish, shuningdek, suv yetkazib beruvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz: Joriy yilning yanvar oyi davomida respublika bo‘ylab baliqchilik xo‘jaliklariga huquqiy va texnik ko‘maklashish ishlari izchil davom ettiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati