Nukus tumanida joylashgan “Quvanish-jarma” irrigatsiya tizim boshqarmasiga qarashli “Do‘stlik-1” gidrotexnika inshootida suvdan samarali foydalanish, gidrotexnika inshootlarini betalofat ishlatish va ularning xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilish o‘tkazildi.

Seminarda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Z.Irisboyev, inspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi rahbarlari va mutaxassislari, “Quvanish-jarma” irrigatsiya tizim boshqarmasi boshlig‘i Q.Primbetov, “Suyenli”, “Kattagar-Bozatao‘” irrigatsiya tizim boshqarmalarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 30 avgustda qabul qilingan “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Shuningdek “Do‘stlik-1” gidrotexnika inshootining texnik holati, xavfsizlik deklaratsiyasidagi kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Z.Irisboyev gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ekspluatatsiya qilishda xavfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidlab, favqulodda holatlarning oldini olish, avariya zaxira materiallarini tayyor holda saqlash, suv hisobini yuritish va suvdan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilish zarurligini qayd etdi.
Seminar ishtirokchilari “Do‘stlik” magistral kanalidagi inshootning texnik holatini ko‘zdan kechirdi va aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati