QARORNING MAZMUN-MOHIYATI KENG TUSHUNTIRILMOQDA

     Nukus tumani hokimligida Prezidentimizning 2026 yil 5 fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, tuman “Suv yetkazib berish” xizmati davlat muassasasi, qishloq xo‘jaligi mas’ullari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qaror bilan suv xo‘jaligida yangi tartiblar va imtiyozlar joriy etilmoqda. Qarorda 2026-2028 yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Jumladan, 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan. Natijada suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga har yili 5 milliard metr kub suv resurslarini tejashga erishiladi.

2026 yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni kengaytirish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltiriladi. Shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va undan foydalanish bo‘yicha Xitoyning Shinjon tajribasi asosida mutaxassis kadrlar malakasini tizimli oshirish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, tadbirda Nukus tumani “Suv yetkazib berish” xizmati davlat muassasasi direktori D.Usakovning suv tejovchi texnologiyalarini joriy etish, sug‘orish davriga irrigatsiya tarmoqlarini tayyorlash va sho‘r yuvish tadbirini uyushqoqlik bilan belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan taqdimoti tinglandi.

Taqdimotda, slaydlar orqali har bir hudud bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar bo‘yicha hisobot berildi. Shu bilan birga  D.Usakov Prezidentimizning joriy yil 5 fevralda qabul qingan PQ-47-sonli qarori  bo‘yicha suvdan foydalanishda joriy etilayotgan o‘zgartishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Har bir fermer o‘zlari foydalanayotgan suvning hisob-kitobini to‘g‘ri yuritishlari uchun tavsiyalar berib o‘tdi.

Ayni kunlarda Qoraqalpog‘istondagi boshqa tumanlaridagi suv xo‘jaligi tashkilotlari ham Prezidentimizning PQ-47-sonli qarorining mazmun-mohiyati tushuntirish, suvdan foydalanuvchilariga joriy qilinayotgan yangiliklarni  yetkazishga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jalgi vazirligi matbuot xizmati