Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida “Sho‘r yuvish tadbirini uyushqoqlik bilan o‘tkazish” yuzasidan beligilangan vazifalar muhokama etildi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentdagi studiyadan Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati hamda sho‘r yuvish tadbiriga biriktirilgan vakillar barcha tumanlardan ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Rustam Qarshiyev Qoraqalpog‘istonda sho‘r yuvish tadbirini belgilangan muddatlarda sifatli tashkil etish ertangi ekish mavsumini o‘z muddatda amalga oshirishga zamin yaratishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligidan sho‘r yuvish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilib, tumanlarga vakil biriktirilgani, ular joylarda har bir kub suvdan samarali foydalanish va sho‘r yuvishni tashkil qilishda hududdagi suvchilarga ko‘maklashishlari aytib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, barcha hududdagi vakillar bugundan boshlab biriktirilgan tumanlarda bo‘lishadi va tuman hokimi va o‘rinbosarlari bilan sho‘r yuvish ishlarini muhokama qiladi hamda samarali ish tashkil etishadi. Tumandagi “Suv yetkazib berish xizmati” DM, davlat nasos stansiyalarining tuman bo‘limlari, meliorativ ekspeditsiyasi tuman bo‘limlari, irrigatsiya tizimilarining xodimlarining har biriga fermer xo‘jaliklar sonidan kelib chiqib, mas’ul biriktiriladi va ular fermer xo‘jaliklariga sho‘r yuvish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov tumanlarda sho‘r yuvish tadbirining borishini tahlil qilib, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, ishni to‘g‘ri tashkil qila olmagan tizim tashkilotlari rahbarlariga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi bo‘yicha ogohlantirdi.

Qoraqalpog‘iston sharoitida sho‘r yuvish – hal qiluvchi tadbirlardan biridir. Dehqonchilikdan mo‘l hosil olish sho‘r yuvish tadbirining o‘z muddatida va sifatli olib borilishiga bog‘liq bo‘ladi. Yig‘ilishda tuman chegarasiga yetkazilayotgan suv miqdori tahlil qilinib, olinayotgan suv bilan nechchi gektar fermer xo‘jaliklarining ekin maydoni va tomorqa maydonlarida sho‘r yuvish ishlari amalga oshirilganining kunlik hisoboti yuritib borilishi belgilandi.
-Bilamizki, sanoqli kunlardan so‘ng yurtimizga bahor kirib keladi, deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ruslan Aitjanov. – Bu ekish mavsumiga oz vaqt qolganidan darakdir. Shu bois bugungi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan maydonlarni konturlar kesimida aniqlash va ushbu maydonlarda sho‘r yuvish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Ayni vaqtda Qoraqalpog‘istondagi barcha tumanlarga suv yetib bormoqda va tumanlardagi kanallarga navbati bilan suv berilib, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardan sho‘r yuvish tadbirlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun joriy sho‘r yuvish mavsumi dorasida bugungi kungacha tumanlarga 503 mln m3 suv yetkazib berilib, mavsum boshidan 14 ming 160 gektar maydonda sho‘r yuvish, 3 ming 300 gektar g‘alla maydonlarda ekishdan keyingi sug‘orish hamda 38 ming 129 gektarda tomorqa va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarni sug‘orish ishlari amalga oshirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati