Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida suvdan maqsadli foydalanish, sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar va reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi yuzasidan tanqidiy tahlil yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i R.Raximov, shuningdek hududiy studiyalar orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari, bosh hisobchilari va mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov Beruniy tumanidagi studiyadan qatnashib, kun tartibidagi masalalarni atroflicha tahlil qildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.

Xususan, «Suv hisobi» axborot platformasi doirasida suvdan foydalanish shartnomalarini to‘liq rasmiylashtirish, suv yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlar ro‘yxatini shakllantirish va tasdiqlash hamda mazkur hududlarda suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda suv resurslaridan samarali va maqsadli foydalanish, suv hisobini to‘g‘ri yuritish, suv xo‘jaligi obyektlarining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va raqamlashtirish, rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirish hamda sug‘orish tarmoqlarida olib borilayotgan qazib-tozalash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ayni paytda tumanlarda davom etayotgan sho‘r yuvish ishlarini suv resurslaridan samarali foydalangan holda to‘g‘ri tashkil etish, jarayonni tizimli ravishda tahlil qilib borish va bu borada suvdan foydalanuvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, namunaviy suv o‘lchash o‘rinlarini tashkil etish, jumladan gidropostlar, “Aqlli suv” va “Aqlli ariq” tizimlarini joriy qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda yurtimizda 13 va 14 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi belgilanganini himobga olib, hududlarda obodonlashtirish ishlarini kuchaytirish, 2026 yil bahor mavsumida ko‘chat ekish tadbirlarini tashkil etish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ichki kanallarda betonlashtirish ishlarini amalga oshirish, eskirgan nasos agregatlarini energiya tejamkor uskunalarga almashtirish hamda nasos stansiyalariga quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha ham tegishli vazifalar belgilab berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati