Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov «Yoshlar kuni» munosabati bilan Qoraqalpog‘istondagi suv xo‘jaligi tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv videokonferensaloqa tarzida tashkil etilib, unda hududlardagi suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbarlari ham ishtirok etdilar. Tadbirda sohada yosh kadrlarning o‘rnini mustahkamlash, ularning bilim va malakasini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida vazir B.Yusupov suv xo‘jaligi tizimida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, yosh mutaxassislarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ularning sohaviy tajribasini boyitishga qaratilgan qator tashabbus va takliflar ilgari surildi.

Jumladan, yoshlar o‘rtasida turli amaliy musobaqalar tashkil etish, suv xo‘jaligi obyektlariga tanishuv va o‘quv sayohatlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Nukus shahridagi “Suvchilar maktabi”da bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, yoshlar o‘rtasida sohaviy bilimlarni mustahkamlashga qaratilgan savol-javob viktorinalari tashkil etish orqali ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish va faol yoshlarni rag‘batlantirib borish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida yosh mutaxassislar ham sohani yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mehnat samaradorligini oshirish borasida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Muloqot ochiq va samimiy ruhda o‘tib, yosh kadrlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni sohadagi muhim jarayonlarga keng jalb etish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv suv xo‘jaligi tizimida yoshlar salohiyatini rivojlantirish, ularning bilim va tajribasini boyitish, shu orqali sohaning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati