Yurtimizda bayramlar arafasida umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish ezgu an’anaga aylangan. Bu kabi tadbirlar nafaqat mahallalar va aholi yashash maskanlarini obodonlashtirishga, balki jamiyatda hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 fevraldagi tegishli farmoyishi asosiad joriy yilning 13–14 mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbir doirasida bugun ertalabdan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlarida ham hashar ishlari uyushqoqlik bilan boshlandi. Suv xo‘jaligi vazirligi apparati xodimlari hamda tizim tashkilotlari jamoalari ma’muriy binolar atroflarini tozalash, hududlarni obodonlashtirish va tartibga keltirish ishlarida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, suvchilar Nukus shahri hududlarida o‘tkazilayotgan «Toza shahar» aksiyasida ham faol ishtirok etmoqda.

E’tiborlisi, hashar faqatgina hududlarni tozalash bilan cheklanib qolmayapti. Ayni paytda tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Xususan, kanallarni betonlashtirish ishlariga qo‘shimcha ishchi kuchlari jalb qilinib, sug‘orish tarmoqlarini tozalash, gidrotexnik inshootlar atrofini tartibga keltirish hamda daraxtlarga agrotexnik ishlov berish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Bunday ezgu tashabbuslar nafaqat hududlar obodligiga, balki suv xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilashga ham xizmat qilib, yurtimizda yaqinlashayotgan Navro‘z bayramini munosib kayfiyatda kutib olishga zamin yaratadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati