Beruniy tumanida joylashgan “Aksakal-acha” nasos stansiyasida navbatdagi amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir mamlakatimizda boshlangan umumxalq xayriya hashari jarayonlari bilan uyg‘un tarzda o‘tkazildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28 fevraldagi farmoyishiga muvofiq, 2026 yil 13–14 mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining 2026 yil 10 martdagi 41-sonli buyrug‘i asosida suv xo‘jaligi tizimidagi barcha tashkilotlar, jumladan, Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi hamda uning hududiy shaxobchalarida hashar tadbirlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Xususan, “Aksakal-acha” nasos stansiyasida o‘tkazilgan seminarda nasos stansiyalari faoliyatini samarali tashkil etish, elektr energiyasini tejamkorlik bilan ishlatish, agregatlar va elektrodvigatellarni muntazam nazorat qilish hamda ularning barqaror ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Tadbir doirasida umumxalq xayriya hashari ham faol davom ettirilib, boshqarma binosi va nasos stansiyalari hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Xodimlar tomonidan hududlar tozalanib, tartibga keltirildi, atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari bajarildi.
Ayni paytda Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi hamda uning tasarrufidagi barcha nasos stansiyalarida hashar ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati