Qo‘ng‘irot tumanidagi “Agro Fayz” fermer xo‘jaligida egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasini joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari R. Allabergenov, “Suenli” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi direktori Z. Ibragimov, Qo‘ng‘irot tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi direktori N.Tureev, shuningdek, Tazabirlik hududidagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlari ishtirok etdilar.
Seminar davomida egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasining afzalliklari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, mazkur texnologiyani qo‘llash orqali suv resurslarini tejash, suvdan samarali foydalanish, egatlarga suvning bir tekis taqsimlanishi, barcha egatlarning bir vaqtning o‘zida to‘lishi, suvning filtratsiya hamda bug‘lanish orqali yo‘qotilishining oldini olish mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilarga suv tejovchi texnologiyalarning boshqa turlari, ularning qishloq xo‘jaligidagi ahamiyati va iqtisodiy samaradorligi haqida ham tushunchalar berildi. Ta’kidlanganidek, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish natijasida suv sarfini 30–50 foizgacha kamaytirish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, ushbu texnologiyalarni joriy etuvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga davlat tomonidan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar hamda suv va yer solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyozlar taqdim etilishi haqida ma’lumot berildi.
Seminar yakunida fermer xo‘jaliklari rahbarlari tomonidan berilgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar qaytarildi. Bu kabi seminarlar boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati