Inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 fevraldagi «Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–88-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot asosida Xo‘jayli tumanida reabilitatsiyaning texnik vositasiga ehtiyojmand fuqarolar o‘rganildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, Xo‘jayli tumanidagi «Parvoz» MFY hududida yashovchi Gulzada Djumanazarovaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan yangi nogironlik aravachasi xarid qilinib, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida xonadonga borib topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari T. Madireymov hamda vazirlik mas’ullari ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda, Prezidentimiz rahbarligida, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar esa inson manfaati va qadrini ustuvor qo‘yishning amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi.
Bayram arafasida ko‘rsatilgan bunday g‘amxo‘rlik xonadon egalarining quvonchiga quvonch qo‘shib, «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyaning hayotdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ehtiyojlariga e’tibor qaratishga qaratilgan xayrli ishlar izchil davom ettiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati