QORAQALPOG‘ISTON SUV XO‘JALIGI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI

 

Qadrli suv xo‘jaligi xodimlari!
Aziz hamkasblar!

Qoraqalpog‘iston Respublikasining ko‘p sonli suvchilar jamoasini, soha faxriylarini, mehnat fidoyilari va ularning oila a’zolarini, butun xalqimizni eng ulug‘ va aziz bayramimiz — jonajon Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqargan, o‘z taqdirimiz va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etish imkonini bergan buyuk va bebaho ne’matdir.

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, inson qadrini ulug‘lash va kelajak avlodlar uchun munosib sharoit yaratish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonda suv resurslarini asrash va ulardan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va har bir tomchi suvning qadriga yetish muhim vazifalardan biriga aylandi.

Ayniqsa, suv resurslari taqchilligi tobora sezilayotgan Orolbo‘yi hududida, xususan, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minotini yaxshilash, mavjud resurslardan samarali foydalanish va suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Suv — hayot manbai. Suv bor joyda hayot, rizq-ro‘z va baraka bor.

Shu bois, hududimizda kanallarni rekonstruksiya qilish va betonlashtirish, suv yetkazib berish samaradorligini oshirish hamda suv yo‘qotishlarini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, joriy yil avgust oyida, ulug‘ ayyom arafasida Qoraqalpog‘iston suvchilari tomonidan to‘rtta yirik kanalning betonlashtirish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirilgani barchamiz uchun katta quvonch va faxrli voqeadir.

Jumladan, Chimboy tumanidagi «Tag‘-jap» kanali — 13,3 kilometr, Sho‘manay tumanidagi «Aq-jap» kanali — 8,1 kilometr, Nukus tumanidagi «Sorali» kanali — 7 kilometr hamda Taxiatosh tumanidagi «Eski Keneges» kanalida betonlashtirish ishlari to‘liq yakunlandi.

Bu yirik loyihalarning ulug‘ ayyom arafasida yakuniga yetkazilishi Qoraqalpog‘iston suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining amaliy natijasi bo‘lib, suvchilarimizning xalqimiz va Vatanimizga bayram sovg‘asidir.

Yangilangan kanallar orqali suvni iste’molchilarga yanada samarali yetkazib berish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish, qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bu natijalar ortida minglab suvchilar, muhandislar, quruvchilar va soha mutaxassislarining mashaqqatli va fidokorona mehnati mujassam.

Suvchilar mehnati davlatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etilmoqda.

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘istonning tajribali suv xo‘jaligi xodimi Djalg‘asbay Uzakov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, 20 nafardan ortiq qoraqalpog‘istonlik suvchilar «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Bu yuksak e’tiroflarni nafaqat mukofotlangan soha vakillarining, balki butun Qoraqalpog‘iston suvchilari jamoasining halol, fidokorona va sharafli mehnatiga berilgan munosib baho, deb bilaman.

Zero, suvchilarimiz yilning qaysi fasli bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan ado etib, dalalarga hayot, dehqonlarimiz mehnatiga baraka, xalqimiz dasturxoniga rizq-ro‘z yetkazishdek ezgu ishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Xalqimizda «Suv keltirgan — elda aziz» degan purma’no naql bor. Darhaqiqat, suvni asrab-avaylash, uni adolatli taqsimlash va xalqimizga yetkazib berishdek sharafli vazifani bajarayotgan suvchilar mehnati hamisha yuksak e’zozga loyiq.

Oldimizda suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilishni izchil davom ettirish, kanallarni betonlashtirish ko‘lamini kengaytirish, suv hisobini takomillashtirish va raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda suv resurslaridan yanada samarali foydalanishdek muhim vazifalar turibdi.

Ishonamanki, suvchilarimiz bu vazifalarni ham ahillik, fidoyilik, yuksak mas’uliyat va tashabbuskorlik bilan amalga oshiradilar.

Qadrli suvchilar!

Sizlarni ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt va xotirjamlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli mehnatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ona Vatanimiz tinch, yurtimiz osmoni musaffo, xalqimiz hayoti farovon bo‘lsin!

Qoraqalpog‘iston suv xo‘jaligi sohasi yanada rivojlanib, suvchilarimizning fidokorona mehnati doimo yuksak e’tirof topsin!

Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligi abadiy bo‘lsin!

Mustaqilligimizning 35 yilligi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Baxtiyar Yusupov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vaziri