Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida «Suv xo‘jaligi vazirligi tizim tashkilotlarida Rivojlantirish jamg‘armasiga tushumlarni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i Z.Aburasulov, mazkur boshqarmaning bosh mutaxassislari A.Nurmatov va I.Obidov, A.Axrarov, shuningdek, vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar rahbarlari, hisobchi va mas’ul xodimlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tizim tashkilotlarining o‘tgan davr mobaynida Rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushirish holati tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi. Ayrim tashkilotlarda mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani, qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish va tushumlarni ko‘paytirish borasida ishlarni tizimli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mehnat jamoalari xodimlarini rag‘batlantirish uchun zarur mablag‘larni shakllantirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tashkilotlar faoliyatiga ham tanqidiy baho berildi. Mas’ullarga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, belgilangan vazifalar ijrosini kuchaytirish va ishlarni to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan aniq tavsiya hamda topshiriqlar berildi.
Seminarda so‘zga olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B. Yusupov tizim tashkilotlarida Rivojlantirish jamg‘armasiga mablag‘ tushumlarini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.
Shu bilan birga, tizim-tashkilotlarida Rivojlantirish jamg‘armasi tushumlarini ko‘paytirish borasida hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlanib, bu yo‘nalishda ishlarni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Ichki audit boshqarmasi boshlig‘i Zoxid Aburasulov tizim tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, budjetdan tashqari mablag‘larni ko‘paytirish va Rivojlantirish jamg‘armasiga tushumlarni oshirishning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.
-Rivojlantirish jamg‘armasiga tushumlarni oshirish — bu faqat qo‘shimcha mablag‘ topish emas, balki har bir tashkilotning iqtisodiy samaradorligini oshirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va yangi daromad manbalarini yaratish demakdir», — dedi Zoxid Aburasulov. – Bugungi seminarimizda ham pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, bo‘sh turgan bino-inshootlar va mol-mulkdan samarali foydalanish, maxsus texnika va transport vositalarini shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishga jalb etish kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, suv fondi yerlaridan samarali foydalanish, debitor qarzdorlikni kamaytirish, shartnoma va to‘lov intizomini mustahkamlash, raqamli texnologiyalar orqali moliyaviy jarayonlarning shaffofligini ta’minlash ham jamg‘arma tushumlarini oshirishning muhim omillari sifatida qayd etildi.
Tadbir yakunida har bir tizim tashkiloti kesimida Rivojlantirish jamg‘armasiga tushumlarni oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, qo‘shimcha daromad manbalarini belgilash, xizmatlar hajmini oshirish, mol-mulk va yer maydonlaridan samarali foydalanish hamda debitor qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish vazifalari belgilab olindi.
Belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilishi tizim tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, moddiy-texnika bazasini yaxshilash va xodimlarni munosib rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi Matbuot xizmati