Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda.

Ayniqsa, Mo‘ynoq tumanida bu boradagi ishlar qizg‘in tus olgan. Tumandagi mavjud irrigatsiya tarmoqlarini texnik jihatdan soz holatga keltirish, suv o‘tkazish qobiliyatini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda.

Mo‘ynoq tumani “Suv yetkazib berish xizmati” DM direktori Nursultan Babanazarovning ta’kidlashicha, kuz-qish davridagi ta’mirlash va tiklash ishlari kelgusi mavsumda suvni iste’molchilarga o‘z vaqtida va sifatli yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Ayni paytda tumanimizda suv xo‘jaligi obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Asosiy e’tibor kanal va ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash, gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash hamda suv o‘tkazish imkoniyatini yaxshilashga qaratilgan.Bu ishlar kelgusi sug‘orish mavsumida suv resurslaridan yanada samarali foydalanish uchun muhim zamin yaratadi, — deydi Nursultan Babanazarov.

Kuz-qish tadbirlari doirasida Mo‘ynoq tumanidagi Shag‘irli kanalida betonlashtirish ishlari ham uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Kanal o‘zanini betonlashtirish orqali uning texnik holatini yaxshilash, suvning filtratsiya natijasida yo‘qolishini kamaytirish va suv oqimining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.
— Shag‘irli kanalida olib borilayotgan betonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli yakunlash uchun zarur texnika va ishchi kuchlari jalb etilgan. Mutaxassislar tomonidan har bir bosqichda ish sifati nazorat qilib borilmoqda, — deydi N.Babanazarov.
Shuningdek, tumandagi boshqa suv xo‘jaligi obyektlarida ham mavsum davomida ta’mirlash, tozalash va texnik holatini yaxshilash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi kelgusi sug‘orish mavsumida suv yetkazib berish barqarorligini ta’minlash, irrigatsiya tarmoqlarining ishonchliligini oshirish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishda muhim ahamiyatga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati