Suv xo‘jaligi obyektlarida ilmiy-amaliy o‘rganishlar o‘tkazilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni chuqur o‘rganish, mavjud muammolarga ilmiy yondashuv asosida samarali yechimlar ishlab chiqish va ularni amaliyotga joriy etish maqsadida ilmiy-amaliy kuzatuvlar olib borilmoqda.

Jumladan, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti (ISMITI) hamda uning huzuridagi Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi olimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qoraqalpog‘iston meliorativ ekspeditsiyasi mutaxassislari ishtirokida 2026–2027-yillar kuz-qish davrida irrigatsiya-melioratsiya obyektlarida ilmiy-amaliy o‘rganishlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

O‘rganishlarda ISMITI Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash laboratoriyasi mudiri G.Paluasheva, mazkur institutning Qoraqalpog‘iston mintaqaviy markazi direktori S.Kurbanbayev, Qoraqalpog‘iston meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari B. Babaniyazov hamda ekspeditsiya mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastlabki kuzatuvlar Nukus tumanidagi «Kattag‘ar» xo‘jaligining “Samanbay” OFY hududida joylashgan SKV–3 (UGV–241) meliorativ nazorat qudug‘ida olib borildi. Dala sharoitida sizot suvlari sathi va minerallashuvini kuzatish, shuningdek, tuproqning sho‘rlanish ko‘rsatkichlarini aniqlash bo‘yicha amaliy ishlar bajarildi.

Mutaxassislarga yer osti suvlari rejimini barqaror boshqarish, kuzatuvlarni to‘g‘ri tashkil etish va olingan ma’lumotlarni tahlil qilishning asosiy talablari tushuntirildi.

Ilmiy-amaliy o‘rganishlar Xo‘jayli tumanidagi Amudaryo xo‘jaligiga qarashli 95-sonli meliorativ nazorat qudug‘i hamda 1265-konturda ham davom ettirildi.

Nazorat qudug‘ida o‘rnatilgan dayver uskunasidan foydalanish bo‘yicha mutaxassislarga amaliy tushuntirishlar berildi. Kuzatuv jarayonida o‘lchash ishlari qabul qilingan laboratoriya uslubi asosida amalga oshirilib, olingan natijalar dayver uskunasi ma’lumotlari bilan taqqoslandi.

Tahlillar asosida ikki xil o‘lchash usuli o‘rtasidagi farq koeffitsiyentini aniqlash, ma’lumotlarni yagona tizimga keltirish hamda ushbu ko‘rsatkichlar asosida yer osti suvlari rejimini barqaror nazorat qilish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, 1265-kontur hududida tuproq sho‘rlanishini aniqlash uslubiyoti bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Dala sharoitida 0–30 sm, 30–70 sm va 70–100 sm chuqurliklardan tuproq namunalari olinib, laboratoriya sharoitida kimyoviy tahlillar o‘tkazildi.

Olingan natijalar asosida sho‘rlanish darajasi yuqori bo‘lgan maydonlarda sho‘r yuvish me’yorlarini tuproq qatlamlari kesimida belgilash, sug‘orish rejimini optimallashtirish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Bunday ilmiy-amaliy o‘rganishlar suv va yer resurslaridan samarali foydalanish, meliorativ holatni muntazam nazorat qilish hamda sohada ilmiy yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati