Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuz mavsumining boshlanishi bilan suv xo‘jaligi tizimidagi mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, jumladan, suv xo‘jaligi obyektlari atrofidagi himoya zonalarida to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari tashkil etilmoqda.

Vazirlik tizimidagi qator tashkilot va muassasalarda bu boradagi ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Yer maydonlariga piyoz, sarimsoqpiyoz, ismaloq, ko‘kat, kartoshka va boshqa sabzavot ekinlari ekilmoqda. Ayrim hududlarda issiqxonalar tashkil etish ishlari ham amalga oshirilmoqda.

— Suv xo‘jaligi obyektlari hududlarida mavjud yer maydonlaridan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Buning natijasida nafaqat yerdan samarali foydalanish, balki tizimda mehnat qilayotgan xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladigan yordamchi xo‘jaliklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi shu’ba boshlig‘i, yordamchi xo‘jaliklarga mas’ul xodim Allambergen Xojabekov.
Uning ta’kidlashicha, ayni paytda tumanlardagi «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari hamda vazirlik tizimidagi boshqa tashkilotlarda to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari davom etmoqda. Ushbu jarayonga tizim xodimlari, jumladan, yosh mutaxassislar ham faol jalb etilgan.

— Bugungi kunga qadar tuman «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalarida 27,7 gektar maydonda ekin ekish ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda 211 nafar xodim ishtirok etdi, ularning 55 nafari yoshlardir. Shuningdek, vazirlik tizimidagi boshqa tashkilotlarda ham 38,5 gektar maydonda ekinlar ekildi,— deydi A. Xojabekov.
Suv xo‘jaligi obyektlari atrofidagi yer maydonlarida amalga oshirilayotgan ishlar mavsumiy vazifa bilan cheklanib qolmay, yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga qaratilgan.
Ayni paytda tizim tashkilotlarida to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari davom ettirilib, belgilangan vazifalarni qisqa muddatlarda yakunlash choralari ko‘rilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati