Suv xo‘jaligi vaziri Qoraqalpog‘istondagi obyektlar va yosh suvchilar sharoiti bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Xamrayev Shavkat Raximovich Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, hududdagi suv xo‘jaligi obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, sohada mehnat qilayotgan yosh suvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashrif davomida vazir “Kattag‘ar-Bo‘zatov” irrigatsiya tizimi boshqarmasi ma’muriy binosi va “Bessaǵa”  inshootida bo‘lib, obyektlardagi ish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, hududda tashkil etilgan yordamchi xo‘jalik, jumladan, to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng suvchilar uyida bo‘lib, yosh suvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Ular bilan ochiq muloqot o‘tkazgan vazir yoshlarning fikr va takliflarini tingladi.

Suhbat jarayonida yoshlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, gidrometriya va suv hisobi yo‘nalishlari bo‘yicha yoshlar bilan savol-javob o‘tkazilib, ularning sohaga oid bilimlari hamda amaliy yondashuvlari muhokama qilindi.

Shuningdek, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida haftada bir marta melioratsiya, nasos, irrigatsiya va gidrometriya kunlarini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Suvchilar uyida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kasbiy bilimlarini boyitish maqsadida 50 ta kitobdan iborat kutubxona tashkil etish belgilandi. Shundan 30 tasi kasbiy, 20 tasi badiiy adabiyotlardan iborat bo‘lishi ko‘zda tutildi.

Shu bilan birga, rahbarlarning yoshlar bilan muntazam muloqot qilishi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, yordamchi xo‘jalik ishlarini rivojlantirishga ko‘maklashishi yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.

Tashrif yakunida yosh suvchilar uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, ularning kasbiy mahoratini oshirish hamda sohada yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati