Oldin xabar qilganimizdek, 18-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamraev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida “Kattag‘ar-Bo‘zatau” irrigatsiya tizimi boshqarmasi faoliyati bilan tanishib, yosh suvchilar uchun munosib sharoit yaratish, yordamchi xo‘jalikni rivojlantirish hamda xodimlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.

Bugungi kunda mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida boshqarma hududida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, boshqarma atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom ettirilib, hududni yanada fayzli va tartibli maskanga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda. Yordamchi xo‘jalikda esa to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, yordamchi xo‘jalikda parrandachilikni yanada rivojlantirish maqsadida mavjud tovuqxonani kengaytirish ishlari boshlandi. Mazkur yo‘nalishda ish hajmini oshirish, parranda boqish uchun zarur sharoitlarni yaxshilash va yordamchi xo‘jalik imkoniyatlaridan samarali foydalanish choralari ko‘rilmoqda.

Suvchilar uyida ham vazir tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amaliy ishlar boshlandi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kasbiy bilimlarini boyitish maqsadida kutubxona tashkil etilmoqda. Belgilangan vazifaga muvofiq, yangi kitoblar olib kelinib, javonlarga joylashtirilmoqda.
– Suv xo‘jaligi vaziri tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalarni jamoamiz uchun muhim dastur sifatida qabul qildik. Ayni paytda har bir topshiriqning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Xususan, yordamchi xo‘jalikni rivojlantirish, to‘qsonbosti ekinlarini yetishtirish, parrandachilikni kengaytirish, hududni obodonlashtirish va yosh suvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda”, — deydi “Kattag‘ar-Bo‘zatau” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i K. Kutlimuradov.

Ayni paytda boshqarmada belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash, xodimlar va yosh suvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash hamda yordamchi xo‘jalik faoliyatini rivojlantirish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati