KANALLARNI REKONSTRUKSIYA QILISH VA BETONLASHTIRISH ISHLARI MUHOKAMA QILINDI

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida davlat dasturlari doirasida kanallarni rekonstruksiya qilish, betonlashtirish hamda gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z. Irisboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari T. Madreymov, «Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest» davlat muassasasi direktori Allayar Qaypov hamda suv xo‘jaligi obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borayotgan pudratchi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Muhokama davomida «Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest» davlat muassasasi direktori Allayar Qaypov amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining joriy holati, belgilangan reja va grafiklar ijrosi, shuningdek, kanallarni betonlashtirish ishlarida belgilangan muddatlardan ortda qolayotgan obyektlar to‘g‘risida axborot berdi.

Aniqlangan kamchiliklar va ishlarning kechikishiga sabab bo‘layotgan muammolar atroflicha muhokama qilinib, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish, qurilish jarayonlarini belgilangan grafik asosida tashkil etish hamda obyektlarda ish sur’atini oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

O‘z navbatida, pudratchi tashkilotlar rahbarlari mavjud kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, qo‘shimcha ishchi kuchi va maxsus texnikalarni jalb qilish orqali ishlarni jadallashtirish hamda belgilangan muddatlarda sifatli bajarish choralarini ko‘rishlarini bildirdilar.

Yig‘ilishda davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli yakunlanishini ta’minlash, suv xo‘jaligi obyektlarining samarali ishlashini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirish borasida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati