KAM SUV BILAN KO‘P HOSIL YЕTISHTIRISH TEXNOLOGIYASI

___Qonliko‘l tumani «Jana qala» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi «Abdullayev Daryabay» fermer xo‘jaligi 2005 yilda tashkil qilingan edi. Dastlab ushbu fermer xo‘jaligiga qarashli dalalar asosan yaylov hisobida foydalanib kelingan maydonlar bo‘lgan.

___– O‘tgan yillar davomida, foydalanishdan chiqib ketgan maydonlarni qayta o‘zlashtirish bo‘yicha ancha mehnat qildik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Daryabay Abdullayev. – Bugungi kunga kelib fermer xo‘jaligi hisobidagi ekin maydonlar 92 gektarga yetdi. Shundan 28 gektariga chigit ekdik.

___Respublikamizda so‘nggi yillarda kuzatilayotgan suv tanqisligini inobatga olib, biz ham suv tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llashni maqsad qildik. Joriy yilda paxta ekilgan maydonlarning 25 gektariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatdik. Bu yangi texnologiyani o‘rnatish katta mablag‘ talab qilishi tabiiy. Shu bois yurtimizda bu borada fermerlarga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, bankdan 3 yil muddatga 625 million so‘m kredit oldik. Quruvchi tashkilot bilan birgalikda qilgan harakatimiz natijasida markaziy quvirlar va lentalarni to‘shash va barcha qurilish-montaj ishlari o‘z vaqtida yakuniga yetkazildi.

___Bugungi kunda bir necha bor tomchilatib sug‘orilgan g‘o‘zalar baravj rivojlanmoqda. Har tup g‘o‘za niholida 8-10 ko‘sak bor va hosil to‘plash davom qilmoqda.

___Daryabay og‘aning aytishicha, suv tindirgich hovuzida to‘ldirilgan suv qaryb 12 gektar paxta maydonini bir bora tomchilatib sug‘orishga yetadi. Fermer tomchilatib sug‘orish usulini kam suv bilan ko‘p hosil yetishtirish texnologiyasi ekanligini ta’kidlab, barcha fermerlarga tavsiya qilmoqda. O‘zi esa, kelgusi yil paxta maydonlarini yuz foiz suv tejovchi texnologiyalarga o‘tkazishni rejalashtirgan.

G‘.Otajonov,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi.